Asosiy mazmunga o'tish
Soliqoliy maktabi
YangiliklarKo'rishlar soni: 10

Ta’lim sifati to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoni hamda 2026-yil 16-iyundagi PQ-227-son qarori asosida o‘z faoliyatini boshlagan Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabi- soliq tizimi uchun yuqori malakali, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugungi kunda Soliq oliy maktabi bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha belgilangan tartibda davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan hamda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi barcha zarur sertifikatlarga ega. 2026/2027-o‘quv yilida mutaxassislar tayyorlash “Soliqlar va soliqqa tortish” hamda “Buxgalteriya hisobi” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha jami 229 nafar talaba tahsil olishni boshlagan.

1

Soliq oliy maktabi faoliyatining birinchi yilidanoq ta’lim sifatini ta’minlash, ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish hamda ta’lim oluvchilar uchun munosib ta’lim muhitini yaratishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb belgilagan.

        Soliq oliy maktabida ta’lim jarayonining sifati va samaradorligiga erishish maqsadida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim jarayoniga keng joriy etish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy va pedagogik salohiyatini oshirish, shuningdek, ta’lim oluvchilarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini xolis baholashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

        Soliq oliy maktabining ta’lim dasturlari zamonaviy soliq ma’murchiligi, iqtisodiyot, moliya va boshqa tegishli sohalardagi o‘zgarishlar, mehnat bozori talablari hamda amaliyot ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Bu jarayonda Soliq qo‘mitasining amaliyotchi mutaxassislari, boshqa oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda ta’lim oluvchilarning takliflari o‘rganilgan. Jumladan, Soliq oliy maktabining fan/modullarini ishlab chiqishda Soliq qo‘mitasidan 20 nafar amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etishgan. Olib borilgan ishlar natijasi malaka oshirish kursi tinglovchilari orasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda o‘z aksini topdi.

        Malaka oshirish kurslarining sifati va o‘quv jarayoni samaradorligini tinglovchilar nuqtayi nazaridan baholash maqsadida avgust oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada jami 532 nafar xodim (umumiy kontingentning 89,9 foizi) ishtirok etdi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ta’lim sifati va uning tashkil etilishiga nisbatan ijobiy ko‘rsatkich 99,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘quv mashg‘ulotlariga berilgan umumiy reyting 5 ballik tizimda o‘rtacha 4,75 ballni tashkil qildi hamda tinglovchilarning 99,2 foizi (525 nafari) mashg‘ulotlarni “a’lo” va “yaxshi” baholar bilan e’tirof etdi.

       Ta’lim sifatini ta’minlashda professor-o‘qituvchilarning kasbiy, ilmiy va pedagogik salohiyati muhim ahamiyat kasb etganligi sababli, bugungi kunda Soliq oliy maktabida jami 24 nafar professor-o‘qituvchi ilmiy darajalarga ega (6 nafar DSc va 18 nafar PhD). Professor-o‘qituvchilarning malakasini muntazam oshirish, ilg‘or xorijiy va mahalliy tajribani o‘rganish rejalari ishlab chiqilgan. Shuningdek, ularning ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy faoliyatini rag‘batlantirish, sohada yetarli amaliy tajribaga ega mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.

           Soliq oliy maktabida talabalar o‘rtasida muntazam ravishda so‘rovnomalar va boshqa o‘rganishlar o‘tkaziladi. Ularning natijalari asosida bildirilgan taklif va tavsiyalar tahlil qilinib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Ta’lim oluvchilarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini baholash jarayonida shaffoflik, xolislik va adolat tamoyillariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yilning 24-sentabr kuni murojaatlarni masofaviy va tezkor yuborish imkoniyatini yaratish maqsadida Komplayens va ichki nazorat boʻlimi tomonidan talabalar va tinglovichlar uchun murojaat_nuqtasi_SOM_bot  Telegram-bot ishga tushgan. Bugungi kungacha тa’lim oluvchilardan Bot orqali jami 8 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning barchasi belgilangan muddatda hal etilgan.

         Kafedralar professor-o‘qituvchilarning 2026/2027 o‘quv yili uchun nafaqat milliy OTMlar va ilmiy markazlarda, balki xorijiy hamkorlarda malakasini oshirish rejalarini ishlab chiqqan. Bu chora-tadbirlarning barchasi zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, mashg‘ulotlarni o‘tkazish metodikasini takomillashtirish hamda milliy va xorijiy ilg‘or tajribalardan foydalanish orqali o‘qitish sifatini oshirishga xizmat qiladi.

         Soliq qo‘mitasi rahbariyati tomonidan ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish, zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega kadrlarni tayyorlash, ta’lim oluvchilar uchun munosib ta’lim muhitini yaratish hamda jamoatchilik oldida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirish Soliq oliy maktabining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.

Tegishli yangiliklar

Yuklanmoqda…