Soliq qoʻmitasi huzuridagi Soliq oliy maktabi va Rossiya FSX LAB Akademiyasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi
Soliq qoʻmitasi huzuridagi Soliq oliy maktabi va Rossiya FSX LAB Akademiyasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-iyundagi PQ-227-son qarori ijrosini ta’minlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda soliq sohasi uchun zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsadida Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabi hamda Rossiya Federatsiyasi Federal soliq xizmatining FSX LAB Akademiyasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Tomonlar o‘rtasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi mazkur bitim Soliq oliy maktabi rektori Yigitali Narziyev va FSX LAB Akademiyasi rektori Ivan Yefremov tomonidan imzolandi.
Hujjat ikki mamlakatning soliq sohasida kadrlar tayyorlash, kasbiy rivojlanish, ta’lim texnologiyalarini joriy etish va ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish borasidagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasidagi uchrashuvlarda tomonlar soliq ma’muriyatchiligi va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish, raqamli texnologiyalardan foydalanish hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, FSX LAB Akademiyasining ta’lim va malaka oshirish yo‘nalishidagi faoliyati hamda ilg‘or o‘quv dasturlari bilan tanishildi.
Imzolangan bitim doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan:
soliq sohasi mutaxassislarini tayyorlash va ularning kasbiy malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashish;
qo‘shma ta’lim dasturlari, seminarlar, vebinarlar, konferensiyalar va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish;
professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislarining akademik hamda kasbiy almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish;
qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va ilg‘or tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish.
Tashrif doirasida FSX LAB Akademiyasi rahbariyati Soliq oliy maktabi delegatsiyasini akademiya hududi bo‘ylab tanishtirib, ta’lim jarayoni uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma, jihozlangan o‘quv auditoriyalari, tinglovchilar uchun turar joy, oshxona hamda boshqa obyektlarning faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.
Tomonlar uchrashuvlar yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, tajriba almashishning amaliy mexanizmlarini kengaytirish hamda soliq sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mazkur hamkorlik Soliq oliy maktabining xalqaro aloqalarini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga joriy etish va soliq sohasi uchun zamonaviy kompetensiyalarga ega mutaxassislar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
