Soliq oliy maktabida “Yurtim qadriyatlari” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi
Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida milliy urf-odat va an’analarimizni keng targ‘ib etish, xalqimizning boy madaniy merosiga bo‘lgan hurmatni mustahkamlash hamda talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish maqsadida “Yurtim qadriyatlari” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir davomida xalqimizning ko‘p asrlik an’analari, milliy o‘yinlari, kuy-qo‘shiqlari va raqs san’atini aks ettiruvchi rang-barang sahna chiqishlari namoyish etildi. Jumladan, o‘zbek milliy kurashi, “Oq terakmi, ko‘k terak” xalq o‘yini orqali ajdodlarimizdan meros bo‘lgan hamjihatlik, chaqqonlik va birdamlik kabi qadriyatlar targ‘ib qilindi.
Tadbirning badiiy qismida “Do‘ppi tikdim”, “Kim oladiyo, shuginani-yo” xalq qo‘shiqlari hamda “Andijon polkasi” kabi milliy san’at namunalari ijro etildi. Shuningdek, lapar va aytishuvlar, milliy raqslar orqali xalqimizning boy og‘zaki ijodi, betakror musiqiy merosi va o‘ziga xos ijrochilik an’analari namoyon etildi.
Shuningdek, jadid ma’rifatparvarlarining milliy o‘zlikni anglash, til va madaniyatimizni asrab-avaylash hamda xalqni ilm-ma’rifat sari yetaklash yo‘lidagi xizmatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ularning milliy qadriyatlarni saqlash va zamonaviy bilimlarni egallashga qaratilgan g‘oyalari bugungi yoshlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.




