Soliq oliy maktabida “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi
Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi. Unda oliy maktab rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng ona tilimizning tarixi, milliy o‘zligimiz va ma’naviy merosimizdagi o‘rnini yorituvchi videorolik namoyish etildi.
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori F. Tillayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi. U o‘z nutqida ona tilini e’zozlash, uning nufuzini oshirish, adabiy til me’yorlariga rioya qilish hamda yosh avlodda milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Tadbirning faxriy mehmoni — falsafa fanlari doktori, professor, ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchisi Jamila Shermuhamedova ona tilining millat hayotidagi o‘rni, uning milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarni saqlashdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, tilga ehtirom ko‘rsatish, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish va kelajak avlodga munosib yetkazish har bir insonning mas’uliyati ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
Bayram dasturining badiiy qismi milliy raqs ijrosi bilan davom etdi. Shuningdek, Soliq oliy maktabi teatr jamoasi tomonidan jadidlar hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Unda ma’rifatparvar ajdodlarimizning xalqni ilmli qilish, ta’limni rivojlantirish va millat taraqqiyoti yo‘lida olib borgan faoliyati aks ettirildi.
Ona tilimizga bag‘ishlangan she’riy chiqishlar hamda jonli ijrodagi musiqiy asarlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Ushbu badiiy chiqishlar orqali o‘zbek tilining betakror jozibasi, badiiy imkoniyatlari va xalqimiz ma’naviy hayotidagi beqiyos o‘rni tarannum etildi.
Tadbir doirasida “O‘zbek tili — milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli” mavzusida o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlari ona tiliga bo‘lgan ehtirom, mustaqil fikrlash va yozma nutq madaniyatini namoyon etish uchun imkoniyat yaratdi. Yakunda g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
Badiiy dastur va ma’rifiy chiqishlarga boy bo‘lgan tadbir ishtirokchilarda ona tilimizga nisbatan hurmat va milliy g‘urur tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Soliq oliy maktabida bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish orqali yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik va ma’naviy merosga sadoqat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ona tilimizga bo‘lgan hurmat — milliy o‘zligimizga bo‘lgan hurmatdir.




