Soliq oliy maktabida 2026/2027-o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
Soliq oliy maktabida 2026/2027-o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

Tantanali marosimda Soliq oliy maktabi rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ularning ota-onalari, faxriy mehmonlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
🇺🇿 Yangi o‘quv yilini qarshi olishga bag‘ishlangan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Soliq qo‘mitasi raisi maslahatchisi, Soliq oliy maktabi rektori Yigitali Shodmonovich Narziyev yangi talabalarni talabalik maqomiga ega bo‘lganlari bilan samimiy muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, Soliq oliy maktabining tashkil etilishi mamlakat soliq tizimi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Oliy maktabning ilk talabalarini kutib olish esa ushbu yangi ta’lim maskani tarixidagi alohida ahamiyatga ega voqea bo‘ldi.
Rektor o‘z tabrigida yoshlarni oldilariga katta maqsadlar qo‘yib, puxta bilim olishga, izlanishga va o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishga intilishga chaqirdi. Shuningdek, talabalik yillari nafaqat bilim egallash, balki shaxsiy va kasbiy kamolot davri ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida milliy san’atimizning o‘ziga xos namunalari namoyish etilib, raqs jamoalarining chiqishlari hamda xushovoz xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

