Talabalar, ularning ota-onalari va rahbariyat o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi
Talabalar, ularning ota-onalari va rahbariyat o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi

Tantanali tadbirning badiiy qismidan so‘ng Soliq oliy maktabining yangi talabalari uchun rahbariyat bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar Oliy maktabning rahbariyati va mas’ul xodimlari bilan yaqindan tanishtirilib, ularning yangi ta’lim muhitiga moslashuvi, o‘quv jarayonini samarali tashkil etishi hamda talabalik davridan unumli foydalanishi bilan bog‘liq muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Firdavs Tillayev so‘zga chiqib, talabalik davri inson hayotidagi eng muhim bosqichlardan biri ekanini ta’kidladi. U yoshlarni Oliy maktabdagi yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, jamoat va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish, tashabbus ko‘rsatish hamda o‘z ustida muntazam ishlashga chaqirdi. Shuningdek, talabalarning Oliy maktab hayotidagi faol pozitsiyasi, o‘zaro hurmat va jamoaviy muhitni shakllantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Akmal Bozorov esa ta’lim jarayonining tashkil etilishi, o‘quv mashg‘ulotlari, akademik talablar va talabalarning ta’lim olish jarayonidagi mas’uliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Talabalarga o‘quv jarayoniga dastlabki kundanoq mas’uliyat bilan yondashish, bilimlarni chuqur egallash, mustaqil izlanish va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish muhimligi tushuntirildi.
Muloqotning eng muhim jihatlaridan biri — talabalar bilan bevosita savol-javob shaklida fikr almashilgani bo‘ldi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ta’lim jarayoni, o‘quv tartibi, talabalar uchun mavjud imkoniyatlar, Oliy maktabdagi faoliyat va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari yuzasidan savollar bilan murojaat qildilar. Bildirilgan savollarga rahbariyat va mas’ul xodimlar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Uchrashuv yakunida talabalarga yangi o‘quv yilida ulkan zafarlar, yuqori natijalar va bilim olish yo‘lida sobitqadamlik tilandi.




