Soliq oliy maktabida talabalarga “Yosh soliqchilar klubi (New Tax Era)” haqida ma’lumot berildi
Soliq oliy maktabida talabalarga “Yosh soliqchilar klubi (New Tax Era)” haqida ma’lumot berildi

Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida talaba-yoshlarning soliq sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ilmiy-tahliliy salohiyatini oshirish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan “Yosh soliqchilar klubi (New Tax Era)”ning maqsad va vazifalari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Uchrashuvda Kasb mahoratini oshirish kafedrasi mudiri Ilhomjon Ergashev talabalarga klubning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, a’zolikka qabul qilish tartibi hamda yoshlar uchun nazarda tutilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, klubning asosiy yo‘nalishlari soliq qonunchiligi va sohadagi islohotlarni chuqur o‘rganish, talabalarning mustaqil fikrlash va ilmiy-tahliliy salohiyatini rivojlantirish, ilmiy-amaliy loyihalardagi ishtirokini rag‘batlantirish hamda kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun zarur bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Mazkur muloqot talaba-yoshlarni klubning maqsad va vazifalari bilan tanishtirish, ularning soliq sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratildi.




