Soliq oliy maktabida o‘qituvchilar uchun navbatdagi mahorat darsi tashkil etildi
Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini rivojlantirish hamda o‘quv jarayonini zamonaviy va interaktiv yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida navbatdagi mahorat darsi o‘tkazildi.

“O‘quv jarayonlarida geymifikatsiyaning o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan mashg‘ulot davomida ta’lim jarayoniga o‘yin elementlarini joriy etish, tinglovchilar faolligini oshirish va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishning samarali usullari haqida ma’lumotlar berildi.
Mahorat darsini PhD, dotsent, xizmat psixologi, trener, inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ekspert Rano Turaxujaeva olib bordi.
Mashg‘ulot davomida ishtirokchilar “QAROR Matrix” (Situational Judgment Test) metodikasi asosida interaktiv topshiriqlar, amaliy vaziyatlar va ball tizimiga asoslangan o‘yin elementlarida faol ishtirok etdilar.
Jarayon davomida o‘qituvchilar zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotda sinab ko‘rib, ularni o‘quv mashg‘ulotlarida qo‘llash bo‘yicha yangi tajribalar orttirdilar.
Mazkur mahorat darsi o‘qituvchilarning kasbiy va pedagogik kompetensiyalarini rivojlantirish, ta’lim jarayonini yanada interaktiv tashkil etish hamda tinglovchilarning darslardagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.




