Soliq oliy maktabida normativ-huquqiy hujjatlardan foydalanish bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi
Soliq oliy maktabida normativ-huquqiy hujjatlardan foydalanish bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi

Soliq oliy maktabida xodimlar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida “Normativ-huquqiy hujjatlardan ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida foydalanish” mavzusida navbatdagi mahorat darsi tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF–95-son “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2026-yil 16-iyundagi PQ–227-son “Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Mahorat darsida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi Soliq solish metodologiyasi departamenti boshqarma boshlig‘i A. Boymatjonov hamda davlat soliq bosh inspektori J. Sirojov tomonidan ma’ruza qilindi.
Mashg‘ulot davomida normativ-huquqiy hujjatlarning ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi o‘rni, mavzuga mos huquqiy normalarni tanlash, hujjatlarning amaldagi tahririni aniqlash va qonunchilik normalarini ilmiy jihatdan talqin qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro yuridik kuchi va iyerarxiyasi amaliy misollar asosida tushuntirildi. Shuningdek, ilmiy ishlarda huquqiy manbalarga to‘g‘ri va aniq havola berishning ahamiyati qayd etildi.
Mahorat darsining muhim yo‘nalishlaridan biri tartibga solish ta’sirini baholash masalasiga bag‘ishlandi.
Xususan, normativ-huquqiy hujjat loyihasini qabul qilishdan oldin uning tadbirkorlik subyektlari, soliq to‘lovchilar, davlat byudjeti, raqobat muhiti va jamiyat manfaatlariga ehtimoliy ta’sirini baholash zarurligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilarga tartibga solish ta’sirini baholash jarayonida mavjud muammoni aniq belgilash, uni hal etishning muqobil variantlarini ishlab chiqish, har bir variantning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini tahlil qilish, shuningdek, kutilayotgan xarajat va natijalarni o‘zaro taqqoslash bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda yangi talab yoki cheklovlarning tadbirkorlik subyektlariga ortiqcha ma’muriy yuklama keltirib chiqarmasligi, soliq ma’muriyatchiligini murakkablashtirmasligi hamda amaldagi qonunchilikda ziddiyatlar yuzaga kelishining oldini olish muhimligi amaliy misollar orqali yoritildi.
Mazkur mahorat darsi Soliq oliy maktabida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining huquqiy asoslanganligini mustahkamlash, ilmiy ishlar sifatini oshirish hamda professor-o‘qituvchilarning normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.




