Soliq oliy maktabida “Assets, Liabilities and Equity” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi
Soliq oliy maktabining “Xorijiy tillarni oʻrgatish” kafedrasi dotsenti v.b. Malika Alimardonova tomonidan ST-26-02 guruhi talabalari uchun ingliz tilidan “Assets, Liabilities and Equity” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi.

Ochiq dars davomida talabalarning ingliz tilidagi kasbiy va kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan interfaol ta’lim usullaridan foydalanildi. Mashg‘ulot jarayonida nazariy bilimlarni amaliy topshiriqlar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Dars davomida talabalar tomonidan mustaqil tayyorlangan startap loyihalari ingliz tilida taqdim etilib, ularning mazmuni va taqdimot ko‘nikmalari muhokama qilindi. Shuningdek, Bamboozle va Blooket interfaol ta’lim platformalari orqali mavzuga oid termin va lug‘at boyligini mustahkamlashga qaratilgan topshiriqlar bajarildi.
Mashg‘ulotning amaliy qismida real biznes faoliyatiga yaqinlashtirilgan keyslar asosida topshiriqlar tashkil etildi. Jumladan, “Lola's Flower Shop”, “Oqtosh Taxi Service” va “CodeNest IT” kabi shartli biznes loyihalari misolida aktivlar, majburiyatlar va kapitalga oid tushunchalar ingliz tilida tahlil qilindi.
Ochiq dars jarayonida interfaol metodlar va amaliy topshiriqlardan foydalanish talabalarning darsdagi faolligini oshirish, mavzuga oid terminlarni amaliy vaziyatlarda qo‘llash hamda ingliz tilida mustaqil fikr bildirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi




