1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Sizga ta’zimdamiz, aziz ustozlar” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Ustoz — inson qalbiga ezgulik urug‘ini qadab, unga bilim va tarbiya beradigan, hayot yo‘lini tanlashida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan ulug‘ siymo. Shu bois yurtimizda o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri sifatida e’zozlanadi.

Ana shu yuksak qadriyatlar mujassam bo‘lgan bayram tadbirida Soliq qo‘mitasi rahbariyati, faxriy mehmonlar, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, talabalar va tinglovchilar jam bo‘ldi.
Bayram dasturining avvalida talabalar tomonidan ustoz va murabbiylarga atalgan samimiy tabrik videoroligi namoyish etildi. Turli tillarda yangragan ezgu tilaklarda yoshlarga ta’lim va tarbiya berayotgan ustozlarga bo‘lgan chuqur hurmat va minnatdorlik o‘z ifodasini topdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Fayzibayev ustoz va murabbiylarni bayram bilan samimiy muborakbod etib, ularning yosh avlodni bilimli, vatanparvar va mas’uliyatli insonlar etib tarbiyalashdagi beqiyos o‘rnini alohida ta’kidladi.
Ta’kidlanganidek, har qanday sohaning taraqqiyoti, avvalo, shu yo‘nalish uchun malakali va fidoyi kadrlarni tayyorlashga bog‘liq. Bu jarayonning negizida esa ustozning zahmati, bilim va tajribasi mujassam.
Ayniqsa, bugungi tezkor o‘zgarishlar davrida yosh avlodga zamonaviy bilim berish, ularni mustaqil fikrlashga, izlanishga va kasbiy jihatdan rivojlanishga yo‘naltirish ustoz va murabbiylardan katta mas’uliyat talab etadi.
Bayram tadbirida ana shunday sharafli va mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado etib kelayotgan professor-o‘qituvchilar hamda xodimlarning mehnati e’tirof etildi.
Bayram tadbiri davomida talabalar tomonidan ustozlarga bag‘ishlangan musiqiy chiqishlar, raqs kompozitsiyalari va ijodiy dasturlar namoyish etildi. Har bir chiqishda ustozga bo‘lgan ehtirom, samimiy minnatdorlik va ezgu tilaklar mujassam edi.
Faxriy mehmonlar ham tadbir ishtirokchilarini qutlab, ustoz va murabbiylarga o‘zlarining samimiy tilaklarini yo‘lladilar.
Bayram tadbiri doirasida Soliq oliy maktabining ramziy ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Marosimning muhim ramziy lahzalaridan biri sifatida Soliq oliy maktabining oltin kaliti talabalarga topshirildi. Mazkur ramziy kalit yoshlar uchun bilim olish, o‘z ustida ishlash va kelajak sari dadil qadam tashlash yo‘lidagi yangi imkoniyatlarning ifodasi bo‘ldi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan Soliq oliy maktabining ramziy daraxti ekildi. Daraxt ekish marosimi ezgu niyatlar, bunyodkorlik va kelajak avlodga munosib sharoit yaratish g‘oyalarining ramziy ifodasi sifatida tadbirga o‘zgacha mazmun bag‘ishladi.
Tadbir yakunida mehmonlarga Soliq oliy maktabida talabalar va tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar namoyish etildi. Xususan, Estrada birlashmasi uchun yaratilgan sharoitlar, Talabalar turar joyidagi namunali xonalar, Axborot-resurs markazi, yozgi va qishki sport majmualari hamda o‘quv auditoriyalari bilan tanishildi.
Talabalarning kitobxonlik, sport va ta’lim jarayonidagi faol ishtiroki namoyish etilib, ta’lim maskanida yoshlarning har tomonlama rivojlanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘rsatib berildi.
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu bayram tadbiri ana shu ezgu haqiqatni yana bir bor namoyon etdi.
Soliq oliy maktabi jamoasi barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etadi!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qalbingizdagi ezgu niyatlaringiz ro‘yobi hamda shogirdlaringiz kamolidan bahramand bo‘lish baxtini tilaymiz!




